Oʻzbekistonda Google Pay toʻlov xizmati ishga tushirildi
Bu haqda Samarqandda C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida boʻlib oʻtgan «Raqamli texnologiyalar» panel sessiyasida maʼlum qilindi.

Google Pay toʻlov xizmati ishga tushirilgani haqida 19 oktabr kuni Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropada davlat organlari bilan aloqalar hamda davlat siyosati masalalari boʻyicha direktori Martsin Krasuski maʼlum qildi. Bu bayonot Samarqandda C5+1 tadbirlari doirasida oʻtkazilgan raqamli texnologiyalarga bagʻishlangan panel sessiyasida yangradi.
Bundan avval, iyul oyi oxirida Markaziy bank Toʻlov tizimlarini rivojlantirish departamenti direktori Jamshid Usmanov Google Pay va Apple Pay yaqin oylar ichida ishga tushirilishi mumkinligini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka tuzatishlar kiritilgach, regulyator tijorat banklari hamda Humo va Uzcard toʻlov tizimlari bilan birgalikda texnologik kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va xizmatlarni texnik jihatdan tayyorlashni boshlagan.
Bu ishlarning bosqichlaridan biri bank kartalarini tokenizatsiya qilish boʻldi. Bu kartalardan raqamli hamyonlarda xavfsiz foydalanish uchun zarur. Integratsiya nafaqat Visa va Mastercard kartalarini, balki milliy Humo va Uzcard kartalarini ham ulash imkonini berishi kutilmoqda.



