Shavkat Mirziyoyev Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi
Sammitda sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish uchun ekspertlar maydonchasini tashkil etish va iqlim barqarorligi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish takliflari ilgari surildi.

Bokuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning yettinchi sammitida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. U xalqaro huquqqa rioya qilgan holda va har bir tomon manfaatlarini inobatga olib, nizolarni siyosiy-diplomatik usullar bilan hal etishga chaqirdi.
Taklif etilgan konsepsiya davlatlarning oʻzaro bogʻliqligi va hamkorligini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlari hamda amaliy qadamlarini belgilashga qaratilgan. Mirziyoyev transport va energetika sohalaridagi qoʻshma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni kengaytirish, madaniy va gumanitar almashinuvlarning ahamiyatini alohida taʼkidladi.
Toshkent kelasi yili Inson salohiyatini rivojlantirish forumini oʻtkazishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning 2028 yilgacha moʻljallangan Harakatlar dasturini tayyorlash gʻoyasi ilgari surildi. Uchrashuv ishtirokchilari kelasi yili Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Qoʻshilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga taklif qilindi.





