Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekistondagi taksi agregatorlarida narx belgilanishini oʻrganmoqda
Yirik servislar faoliyatida yaqinda yuz bergan nosozliklar fonida tigʻiz vaqtlarda raqobatchilardagi safarlar narxi bir necha baravarga oshdi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi agregatorlar tariflari hamda insofsiz raqobatning yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarini oʻrganishni boshladi. Regulyator narxlarning oshishi qanchalik asosli ekanini va raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik normalariga rioya qilinayotganini tekshiradi.
Agregatorlarga safar qiymatini hisoblash algoritmlarini tuzatish, haydovchilar daromadini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish, asossiz bloklangan ijrochilarning kirish imkoniyatini tiklash va ularga tegishli bonuslarni oʻtkazish tavsiya qilindi. Bundan tashqari, kompaniyalar texnik yordam xizmatining sutka davomida ishlashini taʼminlashi va insofsiz raqobatga yoʻl qoʻymasligi kerak.
Agar raqobat yoki isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishi aniqlansa, qoʻmita tekshiruv oʻtkazadi va qonunda nazarda tutilgan choralarni qoʻllaydi.





