Sunʼiy intellekt oshqozon osti bezi saratoni belgilarini tashxisdan ancha oldin aniqlashni oʻrgandi
REDMOD modeli dastlabki oʻzgarishlarni oʻrtacha hisobda tashxis qoʻyilishidan 475 kun oldin aniqladi va sezgirlik boʻyicha tajribali radiologlardan ustun keldi.
Olimlar kompyuter tomografiyasida (KT) oshqozon osti bezi saratonining dastlabki belgilarini aniqlay oladigan REDMOD sunʼiy intellekt tizimini ishlab chiqdi. Oʻzgarishlar shu qadar sezilarsiz boʻlishi mumkinki, ularni hatto tajribali shifokorlar ham koʻrmaydi, deb yozadi ScienceDaily.
Tadqiqotchilar keyinchalik saraton aniqlangan 219 nafar bemorning tasvirlarini oʻrganib, ularni bu kasallikka chalinmagan 1243 kishining tasvirlari bilan taqqosladi.
Maʼlum boʻlishicha, sunʼiy intellekt shubhali oʻzgarishlarni tashxis qoʻyilishidan oʻrtacha 475 kun oldin aniqlay oladi. Tizim kasallik holatlarining 73 foizini aniqlagan boʻlsa, shifokor-radiologlar bu koʻrsatkichda 39 foizga erishgan.
Bu ayniqsa muhim, chunki oshqozon osti bezi saratoni koʻpincha kech bosqichlarda aniqlanadi va bunday paytda davolash qiyinlashadi.
Biroq texnologiya hozircha keng miqyosda qoʻllashga tayyor emas. Olimlar uning samaradorligini yangi klinik tadqiqotlarda tekshirishi kerak. Kelajakda bunday tizimlar shifokorlarga xavfli kasallikni ertaroq aniqlashga va bemorlarning muvaffaqiyatli davolanish imkoniyatlarini oshirishga yordam berishi mumkin.





