9600 ta Nvidia videokartasiga ega superkompyuter eBayʼda 60 mln dollarga sotuvga qoʻyildi
Mashhur onlayn savdo maydonchasida noodatiy eʼlon paydo boʻldi: xaridorlarga avval maʼlumotlar markazida ishlatilgan ulkan hisoblash majmuasi taklif qilinmoqda.
Amerikaning Core 4 Solutions kompaniyasi eBayʼda 59,7 mln dollarlik ishlatilgan superkompyuterni sotuvga qoʻydi. Bu haqda Tomʼs Hardware xabar bermoqda.
Tizim 300 ta server shkafidan iborat boʻlib, uning tarkibiga 9600 ta Nvidia A100 grafik tezlatkichi, 4200 ta AMD EPYC protsessori va qariyb 1,4 petabayt operativ xotira kiradi.
Bunday majmua murakkab hisob-kitoblar, jumladan, sunʼiy intellektni oʻqitish va ilmiy tadqiqotlar uchun moʻljallangan.
Jurnalistlarning baholashicha, asosiy komponentlarning qiymati server shkaflari, sovitish tizimlari va tarmoq uskunalarini hisobga olmaganda, qariyb 28 mln dollarni tashkil etadi.
Sotuvchi bepul standart yetkazib berishni taklif qilmoqda. Biroq xaridorga quvvati yuqori elektr taʼminoti va sovitish tizimiga ega mos maʼlumotlar markazi kerak boʻladi.




