Oʻzbekiston donor qonini tekshirish boʻyicha Yaponiya texnologiyalarini oʻrganmoqda
Oʻzbekiston Respublika qon quyish markazi delegatsiyasi Yaponiyada boʻlib, donor qonini tekshirishning zamonaviy usullari va tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etish bilan tanishmoqda.

Dastur Yaponiya Sogʻliqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligining moliyaviy koʻmagida Daido Industries kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida mutaxassislar tibbiyot universitetlari, shifoxonalar va Yaponiya Qizil Xoch jamiyati qon xizmati markazlariga boradi.
NAT texnologiyasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Delegatsiya trombotsitlarni bakterial skriningdan oʻtkazish tajribasini oʻrganadi. Yaponiya Qizil Xoch jamiyati ushbu texnologiyani 2025-yilda joriy qilgan va buning natijasida bunday preparatlarning saqlash muddati toʻrt kundan olti kungacha oshgan.





