Oʻzbekistonda reklama SMSlari va qoʻngʻiroqlariga oid yangi qoidalar kuchga kiradi
1 noyabrdan kompaniyalar va mobil operatorlar abonentlarga reklama SMSlari yuborishi va qoʻngʻiroq qilishi uchun avval ularning roziligini olishi kerak boʻladi. Reklama murojaatlarini, jumladan SMS yuborish va qoʻngʻiroq qilishni ham tunda amalga oshirish taqiqlanadi, foydalanuvchilar esa bunday murojaatlarni operatori orqali toʻliq yoki qisman bloklashi mumkin boʻladi.

Reklama olishga rozilik yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtirilishi kerak boʻladi. Bu qoida nafaqat tashkilotlarga, balki reklama tarqatish uchun mobil aloqadan foydalanadigan jismoniy shaxslarga ham tatbiq etiladi.
Reklama qoʻngʻiroqlarini amalga oshirish va SMSlarini mobil tarmoqlar orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha yuborib boʻlmaydi. Abonentlar bunday reklama murojaatlarini olish-olmaslikni mustaqil hal qilishi va aloqa operatoriga ularni bloklashni soʻrab murojaat qilishi mumkin boʻladi. Cheklovni toʻliq yoki qisman oʻrnatish mumkin boʻladi.
Ommaviy reklama tarqatish bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar buning uchun foydalaniladigan tizimlarni shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha maxsus davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazishi kerak boʻladi. Ular, shuningdek, abonentlarning tanlovini inobatga olishi va qonunda belgilangan vaqt chegaralariga rioya qilishi shart.
Yangi talablarga rioya qilmaslik reklama va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish sifatida koʻrib chiqiladi.




