Luvr talon-taroj qilinganidan soʻng Yevropadagi kichik muzeylar yangi oʻgʻirliklardan xavotirda
Mart oyida jinoyatchilar Parma yaqinidagi Magnani Rokka jamgʻarmasi muzeyidan Sezann, Renuar va Matiss asarlarini uch daqiqada oʻgʻirlab ketdi. Ularning qiymati 9 mln yevrodan oshgan. Asarlar avgust oyida topildi, biroq oʻgʻirliklar ketma-ketligi Yevropadagi kichik muzeylar xavfsizligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Parma yaqinidagi xususiy muzeydan jinoyatchilar boshga taqiladigan fonarlardan foydalanib, sanʼat asarlarini olib chiqib ketgan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, oʻgʻirlikdan soʻng ular Sharqiy Yevropa va Rossiyada xaridorlarni topishga uringan, ammo bu urinishlar samara bermagan; kartinalar jamgʻarmaga qaytarildi, deb yozadi Reuters.
Kichik muzeylar va sanʼat jamgʻarmalariga yirik muassasalar darajasidagi qoʻriqlash xizmatlari uchun haq toʻlash qiyin. Barselonadagi tadqiqotchi Mark Balsels xavotirlarning kuchayishini Luvr talon-taroj qilinganidan keyin jinoyatchilar kichik muzeylarni osonroq nishon deb qabul qilishi mumkinligi bilan izohladi.
Italiyada 2025 yil davomida muzeylar va galereyalardan 17 ta oʻgʻirlik qayd etildi. Europol, shuningdek, muzeylarni talon-taroj qilish holatlarida tajovuzkorlik kuchaygani, jinoyatchilarning qimmatbaho metallar, toshlar va qimmatli artefaktlarga qiziqishi ortganini qayd etadi. Italiyaning IKOM qoʻmitasi muzeylarni tashrif buyuruvchilar uchun ochiq saqlagan holda, ularni himoya qilishni kuchaytirishga chaqirmoqda.






