Olimlar dengiz yulduzlari Buyuk toʻsiq rifiga yordam berishi mumkinligini aniqladi
Sidney universiteti tadqiqotiga koʻra, soni nazorat ostida boʻlgan «tikan tojli» dengiz yulduzlari Buyuk toʻsiq rifidagi marjonlar xilma-xilligini saqlashga yordam berishi mumkin. Oʻrganilgan holatlarning 72 foizida ular oziqlanganidan keyin marjon toʻqimasining tirik qismi saqlanib qolgan.

Tadqiqotchilar Buyuk toʻsiq rifining muhofaza qilinadigan qismidagi One Tree Island Research Station stansiyasida marjonlarda «tikan tojli» dengiz yulduzlarining oziqlanganidan qolgan izlarini oʻrgandi. Bu hududlarda baliqlarning sogʻlom populyatsiyalari yirtqichlar sonini cheklab turgani sababli, ularning koʻplab koʻpayib ketishi kuzatilmagan.
Dengiz yulduzlari odatda marjon koloniyasining bir qismini yeb, keyin boshqa joyga oʻtgan va tirik boʻlaklarni qoldirgan. Tadqiqot maʼlumotlariga koʻra, 22 hafta davom etgan kuzatuvlar mobaynida Acropora urugʻiga mansub marjonlarda shikastlangan qismlarning tiklanishi qayd etilmagan. Montipora va ayrim Porites vakillarida esa toʻqimalar regeneratsiyasi kuzatilgan. Olimlarning fikricha, bu sekin oʻsadigan turlar uchun joy boʻshatib, marjonlar xilma-xilligining oshishi uchun sharoit yaratishi mumkin.
Tadqiqotchilar dengiz yulduzlarining ommaviy koʻpayib ketishi marjonlar uchun jiddiy xavf boʻlib qolayotganini taʼkidlaydi. Shu sababli, ularning fikricha, bunday koʻpayish toʻlqini bostirilganidan keyin ham yirtqichlar populyatsiyasini butunlay yoʻq qilish har doim ham talab etilmaydi: nazorat ularning tabiiy dushmanlarini himoya qilish bilan birga olib borilishi kerak.






