Google Hindistonda shaxsiy tavsiyalar beruvchi Dreambeans AI ilovasini ishga tushirdi
Google eksperimental Dreambeans ilovasidan foydalanish imkoniyatini Hindistongacha kengaytirdi — bu AQShdan tashqaridagi birinchi bozor.

Xizmat sunʼiy intellektdan foydalanib, har kuni qisqa illyustratsiyali hikoyalar shaklida shaxsiy tavsiyalar toʻplamini yaratadi. Dreambeans Android va iOS qurilmalarida ishlaydi hamda 14 ta tilni, jumladan ingliz, hind, panjob, tamil, telugu va bengal tillarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Ilova qiziqarli joylarni topish, mashgʻulotlarni tanlash va yaqinlashib kelayotgan tadbirlarni oʻtkazib yubormaslikka yordam beradi. Masalan, u taqvimdagi tadbir haqida eslatishi yoki foydalanuvchining qiziqishlarini hisobga olgan holda hordiq chiqarish gʻoyalarini taklif qilishi mumkin. Buning uchun Dreambeans akkaunt egasining ruxsati bilan Googleʼning ulangan xizmatlari — Calendar, Gemini, Gmail, Photos, Search va YouTubeʼdagi maʼlumotlardan foydalanadi. Tavsiyalar toʻplami avtomatik ravishda shakllantiriladi, shuning uchun har safar AIʼga soʻrov yuborish shart emas.
Foydalanuvchi tavsiyalar uchun faqat bitta tilni tanlashi mumkin. Shu bilan birga, ilova bir nechta tildagi xizmatlar maʼlumotlaridan foydalanishi mumkin, biroq ularni bitta materialda aralashtirmaydi.





