Collins ingliz tili lugʻati yil soʻzini tanladi
Collins 2026 yil soʻzi sifatida «mogging»ni tanladi — bu biror kimsa yoki biror narsani soyada qoldirishga yoxud undan oʻzib ketishga urinishni anglatuvchi slang atama.

Bu haqdagi eʼlon 3 noyabr kuni lugʻat saytida paydo boʻldi. Collins lugʻatida «mogging» boshqa odamdan koʻra koʻproq eʼtibor qozonish yoki undan oʻzib ketishga qaratilgan harakatni anglatishi tushuntirildi.
Hisoblanishicha, bu atama AMOG — Alpha Male Of the Group, yaʼni «guruhning alfa erkagi» yoshlar qisqartmasidan kelib chiqqan. Lugʻat bahosiga koʻra, bu soʻz tez ommalashmoqda va Z hamda Alfa avlodlari vakillari tomonidan bir odam boshqasining soyasida qolib ketgan holatni hazil va kinoya bilan ifodalash uchun tobora koʻproq ishlatilmoqda.
Collins lugʻati 1979 yildan buyon HarperCollins tomonidan Shotlandiyaning Glazgo shahrida nashr etiladi. 2025 yilda esa u yil soʻzi sifatida «vaybkoding» atamasini tanlagan.






