Investorlar sunʼiy intellekt kompaniyalarining oʻzaro sarmoyalari tufayli moliyaviy pufakdan xavotirda
Investorlarni sunʼiy intellekt sohasidagi doiraviy moliyalashtirish xavotirga solmoqda: yirik kompaniyalar keyinchalik ulardan xizmatlar sotib oladigan startaplarga sarmoya kiritmoqda. Tahlilchilar bunday oʻzaro qaramlik sohada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan inqiroz oqibatlarini kuchaytirishidan xavotirda.

Eng yirik texnologik kompaniyalar sunʼiy intellekt startaplariga sarmoya kiritmoqda. Ushbu startaplar olingan mablagʻlardan oʻz investorlaridan hisoblash quvvatlari va boshqa xizmatlarni sotib olish uchun foydalanadi. The Wall Street Journal taʼkidlaganidek, bunday moliyaviy aloqalar jadal oʻsayotgan sunʼiy intellekt bozorining barqarorligi haqida savollar tugʻdirmoqda.
Oʻtgan hafta Googleʼning bosh kompaniyasi — Alphabet — tarixidagi bozor qiymatining bir kun ichidagi eng katta pasayishini boshdan kechirdi: uning kapitallashuvi qariyb 475 mlrd dollarga kamaydi. Shu bilan birga, Nvidiaʼdan uskunalar xarid qiladigan va sunʼiy intellekt uchun hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan maʼlumotlar markazlari operatori CoreWeave aksiyalari ham pasaydi. Tahlilchilar ushbu kompaniyani sunʼiy intellekt infratuzilmasini moliyalashtirish bozori uchun «koʻmir shaxtasidagi kanareyka» deb atamoqda.
Investorlarning xavotiri maʼlumotlar markazlarini keng koʻlamda kengaytirish va sohadagi yuqori qarz yuklamasi fonida kuchaymoqda. Bundan tashqari, Koreya banki hali iyul oyida resurslarning bitta sohaga haddan tashqari jamlanishi — «yarimoʻtkazgichlar Gollandiya kasalligi» xavfidan ogohlantirgan edi. Shu bilan birga, Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon 2027 yilda sunʼiy intellekt va u bilan bogʻliq yarimoʻtkazgich loyihalariga byudjet xarajatlarini deyarli ikki baravar oshirishni taklif qildi.






