Sirdaryoda Yaponiya uchun haydovchilar tayyorlash markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda
Sirdaryo viloyatida Yaponiya uchun haydovchilar tayyorlash markazini ochish rejalashtirilmoqda. Dastlab yetti oylik kurs 400 kishiga moʻljallangan.

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Kadirov Yaponiyaning Onodera User Run kompaniyasi rahbari Jun Kato bilan ushbu tashabbusni muhokama qildi. Markaz mutaxassislarni xalqaro standartlar asosida tayyorlaydi va ularning Yaponiyada ishga joylashishiga koʻmaklashadi.
Kurs yetti oyga moʻljallangan. Ishtirokchilar yapon tilini, transport xavfsizligi talablarini oʻrganadi va amaliy haydov mashgʻulotlaridan oʻtadi. Shundan soʻng nomzodlar yaponiyalik ish beruvchilar vakillari bilan uchrashadi.
Dastlab 400 nafar haydovchini Yaponiyaga yuborish rejalashtirilmoqda. Istiqbolda qabulni 1 000 kishigacha kengaytirish mumkin. Saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarni mamlakatda ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda.






