Fransiyada donor qoni banklariga navbatdagi kiberhujumning oldi olindi
Fransiya hukumati donor qoni va plazmasi saqlanadigan uchta omborga kiberhujum boʻlganini bildirdi. Signalizatsiya ishga tushdi, tibbiy mahsulotlar yoʻqotilmadi.

Hodisa dushanba kuni yuz berdi va Fransiya qon quyish xizmati (EFS)ning uchta obyektidagi monitoring hamda sovutish uskunalarini boshqarish tizimlariga taʼsir koʻrsatdi. Hujum ushbu tizimlarga xizmat koʻrsatgan kompaniya orqali amalga oshirilgan.
Fransiya OAV xabarlariga koʻra, sovutish kameralari haroratni -30 daraja oʻrniga 110 darajada ushlab turishga sozlangan. Ularda qon quyish va dori vositalari ishlab chiqarish uchun moʻljallangan qon namunalari hamda plazma paketlari saqlangan. EFS mahsulotlar yoʻqotilmaganini, qon yigʻish va taqsimlash ishlari uzilishlarsiz davom etayotganini bildirdi.
Oʻsha kuni Credit Mutuel Arkea kooperativ banki ham shunga oʻxshash hujum haqida xabar berdi. Bank maʼlumotlariga koʻra, tajovuzkorlar firibgarlik operatsiyalarini amalga oshirish imkoniga ega boʻlgan, biroq mijozlar mablagʻlariga zarar yetmagan.
Hodisalar Yevropa supermarketlarining sovutish tizimlariga qilingan taxmin qilinayotgan bir qator hujumlar fonida yuz berdi. 2026-yil oktabr oʻrtalarida Fransiyada sodir boʻlgan ilk shunday hujumdan soʻng qariyb 700 ta doʻkon yaroqsiz boʻlib qolgan mahsulotlarni hisobdan chiqarib, yangilarini sotib oldi. Yevropa Ittifoqi bu hodisani oziq-ovqat taʼminotini izdan chiqarishga qaratilgan ataylab qilingan urinish deb atadi.






