LEGO 5000 dan ortiq detalldan ulkan Godzilla chiqaradi
LEGO 5363 ta detaldan iborat Godzilla haykalchali konstruktor toʻplamini taqdim etdi. Toʻplam savdosi 27 noyabrda boshlanadi, narxi esa 450 dollarni tashkil etadi.

Model MonsterVerse kinoolamidagi, xususan, «Godzilla 2: Mahluqlar qiroli» filmidagi Godzilla qiyofasi asosida yaratilgan. Yigʻilgan holatda haykalchaning balandligi 70 santimetrdan oshadi, eni 27 santimetr, boʻyi esa 40 santimetr boʻladi. Kompaniya ushbu toʻplamni yigʻish hatto konstruktorlarni yigʻishda tajribali ishqibozlar uchun ham sinov boʻlishini kutmoqda.
Modelning boshi, ogʻzi, qoʻllari, bilaklari, barmoqlari va dumi harakatlanadigan boʻladi. Dumni chapga yoki oʻngga egilgan holatda mahkamlash, shu tariqa mos pozani tanlash mumkin boʻladi.
Toʻplamga Godzillaning oʻziga xos atom nafasini ifodalovchi koʻk energetik nur uchun detallar ham kiradi. Nur maxluq ogʻziga oʻrnatiladi, ammo istalgan paytda uni oddiy til bilan almashtirish mumkin. Kompaniya musiqa va ommaviy madaniyat mavzularidagi konstruktorlar chiqarishni ham davom ettirmoqda: yaqinda u Daft Punkning konsert shousi asosida yaratilgan, Alive 2007 gastrolining sahna konstruksiyasini qayta tiklovchi loyihani taqdim etdi.






