Toshkent metrosining yangi stansiyalarida poyezdlarning aniq kelish vaqti koʻrsatiladigan tablolar paydo boʻladi
Poytaxt metrosining yangi liniyalari va stansiyalarida poyezdlarning aniq kelish va joʻnash vaqtini koʻrsatadigan elektron tablolarni bosqichma-bosqich oʻrnatish rejalashtirilmoqda.

Hozir stansiyalardagi displeylar keyingi poyezd kelishigacha qolgan vaqtni emas, avvalgi tarkib joʻnab ketganidan beri oʻtgan vaqtni koʻrsatadi. Amaldagi stansiyalarni yangilash texnik cheklovlar sabab murakkablashmoqda, modernizatsiya muddatlari esa hozircha belgilanmagan.
Toshkentda yetti yil davomida 21 ta stansiya ochilib, 33 km uzunlikdagi liniyalar qurildi. Bugungi kunda metro tarmogʻida umumiy uzunligi 71 km boʻlgan 50 ta stansiya mavjud. Metro har kuni 1,2 mln nafardan ortiq yoʻlovchini tashiydi. 2027-yilda 14 ta besh vagonli poyezd xarid qilish rejalashtirilmoqda.





