Claude bank hisoblarini tahlil qilish vositasiga ega boʻldi
Anthropic Claudeʼga «Shaxsiy moliya» funksiyasini qoʻshdi. U hisoblar va kartalarni Plaid orqali ulash imkonini beradi, biroq faqat oʻqish rejimida ishlaydi.

Yangi vosita yordamida foydalanuvchilar bank hisoblari va kredit kartalarini ulagach, Claudeʼdan pullari haqida savollar soʻrashi mumkin. Chat-bot hisob qoldiqlari va tranzaksiyalarni koʻrsatadi, moliyaviy atamalarni tushuntiradi hamda xarajatlarni toifalar boʻyicha — masalan, ijara va kommunal xizmatlar, oziq-ovqat yoki xaridlar uchun sarflangan mablagʻlarni — tahlil qiladi.
Claude, shuningdek, takroran yechib olingan summalar, kutilmagan komissiyalar va muntazam toʻlovlarning bosqichma-bosqich oshib borishini aniqlay oladi. Foydalanuvchi xarajatlari daromadlaridan oshib ketgan-ketmaganini aniqlashi, sarf-xarajatlarini odatiy daraja bilan taqqoslashi yoki oʻtgan yil davomida necha foiz toʻlaganini bilishi mumkin.
Anthropic taʼkidlashicha, Claude faqat bank nomi, hisobning nomi va turi, uning raqamining soʻnggi toʻrtta raqami, qoldiq, kredit limiti hamda ikki yilgacha boʻlgan davr uchun operatsiyalar tarixiga kira oladi.
«Shaxsiy moliya» boʻlimidagi yozishmalar sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun ishlatilmaydi. Beta-versiya shu hafta AQShdagi Pro, Max va Ultra obunalariga ega foydalanuvchilar uchun mavjud boʻladi. Hisoblarni ulash Plaid xizmati orqali amalga oshiriladi.






