Oʻzbekistonda telefonlar importi uchun bojni bekor qilish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralarda mobil qurilmalar importi bojini nolga tushirishga kelishildi. QQS 12 foiz miqdorida saqlanib qoladi.

Bojxona qoʻmitasi vakilining baholashicha, stavka nolga tushirilganidan soʻng budjet mobil qurilmalar importidan 300–400 mlrd soʻm miqdorida tushum ololmay qolishi mumkin. Shu bilan birga, xaridorlar uchun telefonlar narxi taxminan 5 foizga arzonlashishi mumkin.
Hozir importchilar 5 foiz miqdoridagi bojxona boji va 12 foiz QQS toʻlaydi. Stavka oʻzgargach, QQS toʻlash majburiyati saqlanib qoladi, bojxona boji esa undirilmaydi. Nol stavkani joriy etishning aniq sanasi hozircha eʼlon qilinmagan.
2026 yilning yanvar–sentabr oylarida bojxona organlari 63,5 trln soʻm miqdorida toʻlov undirdi. Shu bilan birga, yanvar–oktabr oylarida mobil qurilmalar importidan tushum 2 trln soʻmni tashkil etdi.
Idorada maʼlum qilinishicha, yashirin importga qarshi kurashning maqsadlaridan biri rasmiy yetkazib beruvchilar uchun teng sharoit yaratish boʻlib qolmoqda. Qonuniy importchilar bojxona toʻlovlari va ichki soliqlarni toʻlaydi, norasmiy bozor ishtirokchilari esa xarajatlarning bir qismidan qochishi mumkin.
Bojxona qoʻmitasi, shuningdek, IMEI kodlaridan nafaqat toʻlovlarni nazorat qilish uchun foydalanilishini tushuntirdi. Tizim qurilmalar muomalasining qonuniyligini tekshirish, oʻgʻirlangan telefonlarni aniqlash va bloklash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda firibgarlikka qarshi kurashishga yordam beradi.
Boj stavkalarini belgilash masalasi qoʻmita vakolatiga kirmaydi va vakolatli vazirliklar tomonidan tartibga solinadi.






