Yevrokomissiya rossiyalik sayyohlarga viza berish tartibini kuchaytirishni taklif qildi
Tashabbus Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 22-paketi loyihasi bilan bir vaqtda taqdim etildi. Choralar qatoridan Rossiya fuqarolarining hujjatlari va shaxsini Yevropa Ittifoqi chegaralarini kesib oʻtishda qoʻshimcha tekshirish ham joy olgan.
Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 22-paketi loyihasini, shuningdek, rossiyaliklarga viza berish boʻyicha yangilangan tavsiyalarni taqdim etdi. Bu haqda TASS Yevrokomissiya bayonotiga tayanib xabar berdi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga biometrik maʼlumotlarsiz Rossiya pasportlarini qabul qilmaslik tavsiya etildi. Rossiya fuqarolarini Shengen hududining tashqi chegaralarida tekshirish chogʻida individual suhbatlar oʻtkazish va barmoq izlarini muntazam tekshirish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, Yevrokomissiya Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan amaldagi va sobiq rossiyalik harbiy xizmatchilarga viza berishni taqiqlashni taklif qildi. Ushbu taqiqni kuchga kiritish toʻgʻrisidagi qarorni Yevropa Ittifoqi Kengashi qabul qilishi kerak.
Sanksiyalar paketi loyihasidan, shuningdek, 60 ta Rossiya banki va 70 dan ortiq kemaga qarshi cheklovlar hamda energetika sektoriga doir choralar oʻrin oldi. Takliflar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan kelishib olinishi kerak.






