Renovatsiya paytida Toshkent aholisiga Yangi Toshkentdan xonadonlar taklif etiladi
Toshkentda renovatsiyaga tushadigan uy-joy mulkdorlari kompensatsiya sifatida Yangi Toshkentdan xonadon olishlari mumkin. Bunday imkoniyat 10 noyabrdagi prezident farmonida nazarda tutilgan.

Yangi qoidalarga koʻra, taqdim etiladigan koʻchmas mulkning qiymati avvalgi uy-joyning baholangan qiymatining 150 foizigacha yetishi mumkin. Poytaxt hokimligida aniqlik kiritilishicha, yangi xonadon maydoni ham avvalgisidan 1,5 baravar katta boʻlishi mumkin.
Masalan, maydoni 50 kv. metr boʻlgan xonadon egasiga 75 kv. metrgacha boʻlgan uy-joy taklif etilishi mumkin. 70 kv. metrli xonadonga ega oila maydoni 105 kv. metrgacha boʻlgan variantni yoki ikkita alohida xonadonni koʻrib chiqishi mumkin.
Biroq bunday shartlar kafolatlanmaydi. Har bir holat koʻchmas mulk qiymati, oilaning ehtiyojlari va mulkdorlarning roziligi hisobga olingan holda alohida koʻrib chiqiladi.
Renovatsiya toʻgʻrisidagi qonunda, shuningdek, uy-joy mulkdorlarining kamida 80 foizi roziligi, kompensatsiyalar taqdim etilishi va rozi boʻlmagan aholiga bosim oʻtkazishni taqiqlash ham nazarda tutilgan.






