Kelajak oroli: milliarder-geek SLAB nomli ulkan suzuvchi platforma qurmoqchi
Oculus asoschisi va mudofaa kompaniyasi Anduril hammuassisi Palmer Lakki okean oʻrtasida alohida sanoat shahriga aylantirilishi rejalashtirilayotgan yirik suzuvchi platforma — SLAB loyihasi haqida gapirib berdi.

Lakki rejasiga koʻra, inshoot 1000 yilgacha xizmat qilishi va quruqlikda shunga oʻxshash obyektlarni qurishdan arzonroqqa tushishi mumkin. Platformada metallarni qayta ishlash, neftni qayta ishlash, suvni chuchuklashtirish, kimyo ishlab chiqarishi va tibbiy tadqiqotlar bilan shugʻullanuvchi korxonalarni joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Tadbirkorning tushuntirishicha, loyiha Amerika sanoatiga mahalliy hokimiyatlar tomonidan qoʻyiladigan cheklovlar kamroq boʻlgan sharoitda ishlashga yordam berishi kerak. Uning soʻzlariga koʻra, bu gʻoya Oculus kompaniyasi 2014 yilda Facebookʼga sotilganidan keyin paydo boʻlgan. Lakkining taʼkidlashicha, 2017 yilda loyiha 1 mlrd dollarga baholangan.
Shu bilan birga, SLAB hozircha konsepsiya boʻlib qolmoqda: qurilishning aniq muddatlari, joylashuvi va texnik parametrlari oshkor etilmagan. Lakki, shuningdek, gap sunʼiy intellekt uchun moʻljallangan suzuvchi maʼlumotlarni qayta ishlash markazi haqida ketmayotganini taʼkidladi.






