Apple TV videopodkastlar orqali mavqeini mustahkamlaydi
Yangi funksiya Apple Podcastsʼdagi kontentni alohida obuna rasmiylashtirmasdan katta ekranlarga koʻchirish imkonini beradi.

Apple kompaniyasi striming xizmatining imkoniyatlarini kengaytirmoqda: foydalanuvchilar videopodkastlarni bevosita Apple TV ilovasi orqali tomosha qilishlari mumkin boʻladi.
Foydalanuvchilar tomoshani iPhone yoki boshqa Apple qurilmasida boshlashi, soʻng televizorda aynan toʻxtagan joyidan davom ettirishi mumkin boʻladi. Tomosha tarixi ilovalar oʻrtasida sinxronlashtiriladi.
Bu qaror videopodkastlarning tobora ommalashib borayotgani bilan bogʻliq. Apple maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi uch oyda platformada video eʼlon qiladigan shoular soni ikki baravardan koʻproqqa oshgan, mavjud videolavhalar soni esa qariyb uch baravar koʻpaygan. Shu bilan birga, video versiyalarini qoʻshgan mashhur podkastlarning auditoriyasi oʻrtacha 20 foizga oshgan.
Shunday qilib, Apple YouTube, Spotify va Netflix bilan faol raqobat qilayotgan podkastlar bozoridagi mavqeini mustahkamlashni maqsad qilmoqda. Yangilik mualliflarga qoʻshimcha auditoriyani jalb qilish va kontentni monetizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga ham yordam beradi.






