Lili Jeyms bestseller roman asosidagi «Ovchilar bazmi» trillerida bosh rolni ijro etadi
Lili Jeyms yozuvchi Lyusi Foulining «Ovchilar bazmi» romani asosidagi filmda bosh rolni ijro etadi va uning prodyuserlaridan biri boʻladi. Filmni Universal Pictures ishlab chiqaradi.

Film syujetiga koʻra, Oksfordda oʻqish paytida tanishgan doʻstlar guruhi Yangi yil taʼtilini Shotlandiya togʻliklaridagi ovchilar uyida oʻtkazishga yoʻl oladi. Qor boʻroni ularni tashqi dunyodan uzib qoʻyadi. Mehmonlardan biri oʻldirilganidan soʻng, qolganlar jinoyatchini oʻz safidan izlashiga toʻgʻri keladi.
Prodyuserlar qatoriga Parodos Productions kompaniyasidan Gala Gordon, shuningdek, Something Happy Productions kompaniyasidan Molli Sims va Gabi MakKormik ham kiradi. Fouli loyiha ijrochi prodyuseri sifatida ham qoʻshiladi. Film ssenariy muallifi va rejissyori hozircha maʼlum qilinmagan.
Roman 2018 yilda nashr etilgan va Sunday Times hamda The New York Times bestselleriga aylangan. Foulining kitoblari butun dunyo boʻylab 12 milliondan ortiq nusxada sotilgan. Uning yana ikki kitobi — «Parijdagi kvartira» va «Yarim tun bazmi» — kino sanoati eʼtiborini tortgan, biroq ularning ekranlashtirilishi hozircha amalga oshirilmagan.






