Husiylarning Bob al-Mandab boʻgʻozi ustidan nazorati jahon savdosida uzilishlar xavfini tugʻdirmoqda
Eron qoʻllab-quvvatlaydigan husiylar xalqaro tan olingan Yaman hukumati armiyasini Qizil dengiz sohilini tark etishga majbur qildi. Armiya mamlakatning vaqtinchalik poytaxti Adan mudofaasiga eʼtibor qaratish uchun chekingan. Bu haqda BBC News xabar berdi.
Bob al-Mandab boʻgʻozi — Qizil dengizning janubidagi tor yoʻlak boʻlib, odatiy sharoitda undan har kuni oʻnlab kemalar oʻtadi va jahon savdosining katta qismini taʼminlaydi. Endilikda sohilning ushbu hududining katta qismi hamda boʻgʻozga kirish yoʻllari husiylar yoki ularga sodiq kuchlar nazoratida.
Husiylar xalqaro kemachilikka tahdid solmayotganini aytmoqda, biroq ularning boʻgʻoz tomon siljishi tijorat kemalari uchun xavflarni obyektiv ravishda oshirmoqda. Bu Ar-Riyod uchun neftni Qizil dengiz orqali eksport qilishda qoʻshimcha xatarlarni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, fevral oyida AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari bilan bogʻliq Hormuz boʻgʻozidagi uzilishlar haqidagi xabarlar fonida.
Britaniyaning sobiq elchisi Nikolas Hoptonning baholashicha, Adanni himoya qilish uchun qoʻshinlarning boʻgʻozdan olib chiqilishi Saudiya Arabistoni qoʻllab-quvvatlayotgan hukumat foydasiga boʻlmagan urush jarayonidan dalolat beradi.
Yamandagi Britaniyaning sobiq harbiy attashesi Ian Smeylz ogohlantirdi: husiylarning gʻarbiy sohil ustidan nazoratini kengaytirishi Erondan va Afrika shoxidan qurol kontrabandasining kuchayishi, shuningdek, Tehronning Sharqiy Afrikadagi taʼsiri oshishi uchun obyektiv sharoit yaratmoqda.






