Ispaniya rasmiylari Kanar orollariga migrantlar oqimi fonida 5 mln yevro ajratdi
El-Iyerroga beshta qayiqda 300 ga yaqin migrant yetib keldi, yana bir kema esa orol yaqinidan aniqlandi. Joylashtirish punktlarida markaz sigʻimi 500 kishiga moʻljallangan boʻlsa-da, qariyb 900 kishi bor.

Ispaniya dengiz qutqaruv xizmati va Fuqarolik gvardiyasi beshta qayiqni La-Restinga portiga kuzatib bordi, shundan soʻng qirgʻoq yaqinidan oltinchi kemani aniqladi. Yetib kelgan kayukolarda 300 ga yaqin kishi, jumladan 20 ga yaqin voyaga yetmaganlar boʻlgan.
Yangi kelganlar El-Iyerrodagi joylashtirish tizimiga tushayotgan yuklamani oshirdi. Migrantlarning bir qismi Kanar arxipelagidagi boshqa orollarga olib oʻtilishi kutilmoqda. 500 kishiga moʻljallangan Chet elliklarni vaqtincha qabul qilish markazi (CATE) toʻliq toʻlib ketgan.
Dam olish kunlari Kanar orollariga 2 500 dan ortiq migrant yetib keldi — bu mazkur yoʻnalishning 30 yillik tarixida bir sutkada qutqarilgan odamlarning eng katta sonidir. Noyabr boshidan beri El-Iyerroga 100 dan ortiq kayuko 10 mingdan ziyod migrantni olib keldi.
Ispaniya hukumati sogʻliqni saqlash tizimi uchun hamda inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish maqsadida 5 mln yevro miqdorida shoshilinch yordam eʼlon qildi. Bu mablagʻlar qabul qilish infratuzilmasi, qirgʻoqboʻyi yordami va odamlarni keyinchalik olib oʻtish uchun avval ajratilgan 15,18 mln yevroni toʻldiradi. Kanar orollari prezidenti Fernando Klavixo oldindan rejalashtirish yoʻqligini tanqid qildi, gumanitar tashkilotlar esa uzoq muddatli choralar koʻrishga chaqirdi.






