Mozilla Windowsʼda Edgeʼni majburan taklif qilish yuzasidan shikoyatlar uchun ishonch telefonini ishga tushirdi
Firefox ishlab chiquvchisi 1–855-25-FIREFOX raqamli maxsus ishonch telefonini ochdi. Windows foydalanuvchilari brauzerni majburan taklif qilish yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin.

Aksiya yuridik kompaniyalar reklamasi uslubida oʻtkazildi va dasturiy taʼminotni tanlash muammosiga eʼtibor qaratishga qaratilgan. Mozilla fikricha, Microsoft foydalanuvchilarni oʻz ekotizimida ushlab qolish uchun turli usullardan foydalanadi.
Jumladan, Windows 10’dan Windows 11’ga zaxira nusxa orqali oʻtilganda, uchinchi tomon brauzerining sozlamalari saqlanmay qolishi, Edge esa standart brauzerga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, Outlook, Teams va Windows qidiruvidagi havolalar foydalanuvchi boshqa dasturni tanlagan boʻlsa ham, koʻpincha aynan Edgeʼda ochiladi.
Mozilla, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va boshqa hududlardagi foydalanuvchilar uchun amal qiladigan qoidalar oʻrtasidagi farqlarga eʼtibor qaratdi. Yevropa qonunchiligi tufayli Yevropa Ittifoqi aholisi brauzerlarni tanlash va oʻchirishda koʻproq erkinlikka ega boʻldi.
Kompaniya Microsoftʼni bunday amaliyotni toʻxtatishga va barcha foydalanuvchilarga tanlov qilish uchun teng imkoniyatlar berishga chaqirdi.






