Malaysia Airlines Toshkentga mavsumiy reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda
Malayziyaning Malaysia Airlines aviakompaniyasi Langkavi oroli bilan Toshkent oʻrtasida mavsumiy toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. Parvozlar dasturi 2026-yil 5-dekabrdan 2027-yil 6-fevralgacha boʻlgan davrga moʻljallangan.

Langkavi — Toshkent — Langkavi yoʻnalishidagi reyslarni haftasiga bir marta, shanba kunlari amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yangi yoʻnalish Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi turistik safarlar imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Malaysia Airlines — 1947-yilda tashkil etilgan Malayziyaning milliy aviakompaniyasi. Kompaniya Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida joylashgan va oneworld aviatsiya alyansiga kiradi.
Hozircha yoʻnalishga qaysi samolyot xizmat koʻrsatishi, chiptalar qancha turishi va ularning sotuvi qachon boshlanishi maʼlum qilinmagan. Gap muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyish haqida emas, balki mavsumiy charter dasturi haqida bormoqda.






