Oʻzbekiston «Akkuyu» AESini qurish tajribasini oʻrgandi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyada «Akkuyu» AESdagi kompaniyalar tajribasini oʻrgandi va uskunalarni mahalliylashtirishni muhokama qildi. Uchrashuvlar yakunida dastlabki hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Ishchi tashrif davomida Oʻzbekiston vakillari Turkiyadagi korxonalar va stansiya qurilish maydoniga bordi. Shuningdek, «Ozaltin Holding»ning muhandislik tajribasini oʻrgandi va AES xodimlari uchun turar joy majmuasini koʻzdan kechirdi.
AVAS Group ofisida ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish hamda «Atom-Sanoat» maxsus sanoat zonasida taʼminotni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya AESlar uchun armatura va yuritmalar ishlab chiqaradigan VASTAŞ Valf hamda texnologik va muhandislik uskunalarini ishlab chiqaradigan ASOS Proses zavodlariga ham tashrif buyurdi.
Tashrif chogʻida taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, birinchi energoblok qurilishi yakunlangan, obyekt esa ishga tushirish ishlariga tayyorlanmoqda. Unda konturlarning gidravlik sinovlari oʻtkazilib, himoya qobigʻi tekshirildi. Hozir maydonda reaktor qurilmasini sovuq va issiq sinovdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Silifke shahrida Oʻzbekiston vakillari «Akkuyu» AESi uchun ventilyatsiya, sovitish va quvur tizimlarini loyihalovchi hamda montaj qiluvchi İncetcom kompaniyasiga bordi. Tomonlar «Atom-Sanoat»da shunday ishlab chiqarishlarni tashkil etish va turk kompaniyalarini uskuna hamda komponentlar ishlab chiqarishga jalb qilishni muhokama qildi.






