Scout kelajakdagi yoʻltanlamas avtomobillari va pikaplari tafsilotlarini oshkor qildi
Volkswagen konserni tomonidan qayta tiklangan Amerikaning Scout Motors brendi yangi yoʻltanlamas avtomobillari va pikaplari bilan bozorga chiqishga tayyorlanmoqda.

The Drive nashriga bergan intervyusida kompaniya bosh direktori Skott Kio avtomobillarni ishlab chiqarish muddatlari, narxi va xususiyatlari haqida soʻzlab berdi.
Avtomobillarning boshlangʻich narxi qariyb 59 ming dollarni tashkil etadi. Yaxshi jihozlangan versiyalar xaridorlarga 80–90 ming dollarga tushishi mumkin. Ishlab chiqarilishi birinchi boʻlib retro dizayndagi yoʻltanlamas Traveler modelidan boshlanadi. Terra pikapi keyinroq paydo boʻladi, biroq uning bozorga chiqishining aniq muddati hozircha eʼlon qilinmagan.
Asosiy versiya benzin dvigateli akkumulyatorni qayta quvvatlab turadigan gibrid kuch qurilmasiga ega boʻladi. Eʼlon qilingan yurish masofasi 800 km dan oshadi, shundan qariyb 240 km masofani avtomobil faqat elektr energiyasida bosib oʻtishi mumkin. Toʻliq elektr modifikatsiyalar ham koʻzda tutilgan.
Scout avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berishni 2028 yilda boshlashni rejalashtirmoqda. Kompaniya allaqachon qariyb 212 mingta dastlabki buyurtma olgan, biroq bu hali haqiqiy sotuvlarni kafolatlamaydi.
Yangi modellarning qiziqarli jihati shundaki, Traveler va Terraʼda Jeep Wranglerʼdagidek yechib olinadigan eshiklar va tom boʻlmaydi. Rahbariyat kelajakda Scout aksiyalarini birjada joylashtirish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda, ammo hozircha aniq rejalar yoʻq.






