Toshkentda qariyb 23 km uzunlikdagi avtobus yoʻlagi tashkil etilmoqda
Oʻzbekiston poytaxtida Sergeli va Yunusobod tumanlarini bogʻlaydigan tezkor avtobus koridori — BRT qurilmoqda. Yoʻnalishning umumiy uzunligi 22,7 kmni tashkil etadi.

Koridor toʻrtta koʻcha boʻylab oʻtadi. Shota Rustaveli koʻchasida 6,5 km uzunlikdagi qism allaqachon ishlamoqda. Shahrisabz koʻchasidagi 3,2 kmning 2,2 km qismi ishga tushirilgan. Amir Temur shoh koʻchasida 7,6 km uzunlikdagi qismda ishlar boshlandi, Yangi Sergelida esa yana 5,5 km yoʻl qurilishiga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Yoʻnalish boʻylab elektron tablolari, kuzatuv kameralari va SOS tugmalari boʻlgan zamonaviy bekatlar jihozlanadi. Avtobuslar chorrahalarda kamroq toʻxtashi uchun svetoforlar «yashil toʻlqin» tizimiga oʻtkaziladi.
Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra, Shota Rustaveli koʻchasida BRT ishga tushirilganidan soʻng avtobuslar tezligi 45 foizga, yengil avtomobillar tezligi esa 18 foizga oshgan. Jamoat transportidan har kuni foydalanuvchilar soni taxminan 8 ming kishiga koʻpaygan.
Butun loyihani yakunlash muddatlari hozircha eʼlon qilinmagan.






