Bulgari zargarlik imperiyasi vorislaridan biri Paolo Bulgari vafot etdi
Italiyalik zargar va tadbirkor, Bulgari zargarlik uyining asoschisi nabirasi Paolo Bulgari umrining 90-yilida vafot etdi. Uning oʻlimi sababi oshkor qilinmadi.

Marhum bilan vidolashuv marosimi 23-noyabr kuni Rimdagi Santa-Kroche-in-Jeruzalemme bazilikasida boʻlib oʻtadi.
Bulgari 1937-yil 8-oktabrda Rimda tugʻilgan. Uning bobosi Sotirio Bulgari kompaniyaga 1884-yilda asos solgan. Paolo akalari bilan birga oilaviy ishni davom ettirdi va Bulgariʼni xalqaro zargarlik brendiga aylantirishda ishtirok etdi.
Uning davrida kompaniya mahsulotlar turini kengaytirdi: zargarlik buyumlaridan tashqari, soatlar, aksessuarlar va atir-upa mahsulotlarini ham ishlab chiqara boshladi. Bulgariʼning yaqinlari bayonotida uni isteʼdodli va insonparvar inson deb atadi, shuningdek, uning Italiyaga boʻlgan muhabbatini taʼkidladi.






