Audible audiokitob sharhlarini sunʼiy intellekt yordamida ovozli taqdim etadigan Audio Discovery funksiyasini ishga tushirdi
Audible Audio Discovery — sunʼiy intellektga asoslangan, tinglovchilarga parcha, syujet sharhi va boshqa tinglovchilarning fikrlari orqali keyingi audiokitobni tanlashga yordam beradigan funksiyani taqdim etdi.

Yangi funksiya audiokitobdan olingan parchani uning mavzulari haqidagi qisqacha bayon, tinglovchilarning munosabati hamda muallif yoki Audible muharririning izohlari bilan birlashtiradi. Sharhni sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan servisning virtual ovozi oʻqib beradi. Mualliflarning izohlari Audibleʼning avvalgi intervyulari yozuvlaridan olinadi.
Audio Discovery AQShdagi foydalanuvchilarga ingliz tilidagi ayrim audiokitoblar uchun bosqichma-bosqich taqdim etila boshlaydi. Sharhlar ochiq materiallar, jumladan, sinopsislar, metamaʼlumotlar va sharhlar asosida shakllantiriladi. Servis, shuningdek, tinglovchining didini hisobga olgan holda tuzilgan shaxsiy tavsiyalar toʻplamini ham qoʻshadi.
Shu bilan birga, Audible Ask a Question va Recaps funksiyalarini ham kengaytirmoqda. Birinchi funksiya tinglashni toʻxtatmagan holda qahramonlar, syujet tafsilotlari va tarixiy ishoralar haqida savol berish imkonini beradi. Recaps esa foydalanuvchi tinglashni toʻxtatgan joygacha boʻlgan voqealar haqida spoylersiz qisqa audio-rezyume yaratadi.
Har ikki funksiya avval ayrim Audible Originals loyihalari va jamoat mulkiga aylangan asarlar uchun beta-versiyada sinovdan oʻtkazilgan. Hozir ular AQShdagi qoʻshimcha audiokitoblarga kengaytirilmoqda, yanada kengroq ishga tushirish esa dekabrga rejalashtirilgan. Ulardan faqat muayyan kitobni sotib olganlar yoki Audible obunasi doirasida unga kirish huquqiga ega tinglovchilar foydalana oladi.






