Oʻzbekistonda Amerikaning ikki mashhur teleshoʻsini suratga olish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekiston 2027-yilda Amerikaning The Amazing Race va Expedition Unknown teleloyihalari uchun suratga olish maydoniga aylanishi mumkin.

Los-Anjelesda oʻtkazilgan American Film Market kinobozorida dastlabki kelishuvlarga erishildi, deya xabar bermoqda Turizm qoʻmitasi.
The Amazing Race — CBS telekanalining mashhur realiti-shousi boʻlib, unda ishtirokchilar turli mamlakatlar boʻylab sayohat qiladi, topshiriqlarni bajaradi va oʻzaro bellashadi. Dastur namoyish etila boshlaganidan buyon 15 ta «Emmi» mukofotiga sazovor boʻlgan.
Discovery telekanalining ikkinchi loyihasi — Expedition Unknown sayohatlar, qadimgi sivilizatsiyalar va tarixiy jumboqlarga bagʻishlangan. Uning boshlovchisi Josh Geyts butun dunyodagi arxeologik yodgorliklar va kam tanilgan maskanlarni tadqiq etadi.
Oʻzbekiston rasmiylari suratga olish ishlari xorijlik tomoshabinlarni mamlakatning tarixiy shaharlari va diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirishga, shuningdek, yangi sayyohlarni jalb etishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.
Suratga olishning aniq sanalari va joylari hozircha eʼlon qilinmagan. Kelishuvlar dastlabki bosqichda qolmoqda.






