Buffett indikatori dotkomlar pufagi darajasidan 70 punktdan koʻproqqa oshdi
AQSh fond bozorining umumiy qiymatini mamlakat iqtisodiyoti hajmi bilan taqqoslaydigan koʻrsatkich 222 foizga yetdi. Bu 2000 yilda texnologiyalar bozori qulashidan oldin qayd etilgan darajadan ancha yuqori.

Buffett indikatori AQShning ommaviy savdoga chiqarilgan kompaniyalari umumiy bozor qiymatining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatidan hisoblanadi. The Motley Fool maʼlumotlariga koʻra, hozir u 222 foizni tashkil etmoqda, 2000 yil bahoridagi dotkomlar jadal oʻsishi avjida esa bu koʻrsatkich 150 foizdan biroz past boʻlgan.
Koʻrsatkichning yuqori qiymatlari aksiyalar qiymati haddan tashqari oshirilgan boʻlishi mumkinligini va uzoq muddatli istiqbolda investitsiyalar daromadliligi pastroq boʻlishi mumkinligini koʻrsatishi ehtimol. JPMorgan Asset Management bahosiga koʻra, yirik kompaniyalarning AQSh aksiyalari keyingi 10–15 yil davomida yiliga oʻrtacha 7,5 foiz daromad keltirishi mumkin. Taqqoslash uchun, bundan avvalgi oʻn yillikda ularning oʻrtacha yillik daromadliligi 14,7 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, indikator AQSh kompaniyalarining xorijdagi tushumlarini hisobga olmaydi, bu esa bozor bahosining oshirib koʻrsatilishiga olib kelishi mumkin. Maqola muallifi, shuningdek, moliyaviy bozorlarni qoʻllab-quvvatlayotgan pul massasi va AQSh davlat qarzining oʻsishiga eʼtibor qaratadi.
Ekspert investorlarga diversifikatsiyalangan portfellarni saqlashni va bozor qachon qulashini oldindan taxmin qilishga urinmaslikni tavsiya qiladi.






