Markaziy Osiyo davlatlari EMT uchun raqamli platforma ishlab chiqadi
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston texnologiyalar almashish hamda sanoatni ekologik modernizatsiya qilish uchun EMT boʻyicha mintaqaviy platforma yaratish memorandumini imzoladi.

Memorandum BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi doirasida imzolandi. Unda ilgʻor texnologik yechimlarni almashish va sanoatni ekologik modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlik nazarda tutilgan.
Xalqaro sessiyada eng yaxshi mavjud texnologiyalar (EMT) boʻyicha maʼlumotnomalar tayyorlash, tajriba almashish va korxonalarni ekologik yangilash yondashuvlarini muvofiqlashtirish muhokama qilindi. OECD bilan hamkorlik, Janubiy Koreya va Yevropa mamlakatlarining texnologik meʼyorlash hamda ifloslanishning oldini olish tajribasidan foydalanishga ham eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston nomidan Ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha Milliy qoʻmita huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi bosh direktorining oʻrinbosari Vyacheslav Shi-syan vakillik qildi. Oʻzbekiston tomoni EMTni joriy etish ishlab chiqarishning ekologik samaradorligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ifloslantiruvchi moddalar va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkonini berishini taʼkidladi.
Shuningdek, Qozogʻistonning Yashil texnologiyalar va investitsiya loyihalari xalqaro markazi hamda Oʻzbekiston vakili niyatlar toʻgʻrisidagi hujjatlarni almashdi. Ular kompleks texnologik audit va EMTni joriy etish boʻyicha hamkorlikka taalluqli.






