«Ochlik oʻyinlari» jahon prokatining ilk dam olish kunida 225 mln dollar yigʻdi
«Ochlik oʻyinlari: Hosil yigʻimi tongi» filmi Shimoliy Amerika prokatida yetakchilik qildi va jahon miqyosida muvaffaqiyatli start oldi. Dastlabki dam olish kunlarida kartina qariyb 225 mln dollar daromad keltirdi.

Lionsgate studiyasining yangi filmi AQSh va Kanadadagi kinoteatrlarda taxminan 120 mln dollar, xalqaro bozorlarda esa yana 105 mln dollar yigʻdi. Bu Shimoliy Amerika prokatida yilning eng yaxshi beshta startidan biridir.
Kartina franshizaning oltinchi qismiga aylandi va avvalgi filmlarda Vudi Harrelson ijro etgan qahramon — Heymitch Aberneti tarixini hikoya qiladi. Voqealar original turkumdagi voqealardan 24 yil oldin kechadi.
Bosh rolni Jozef Zada ijro etdi. Filmda, shuningdek, Makkenna Greys, Reyf Fayns, Jessi Plemons va El Fanning suratga tushgan. Rejissyorlikni franshizaning avvalgi filmlaridan bir nechtasi ustida ishlagan Frensis Lourens bajargan.
Kartinaning ishlab chiqarish byudjeti taxminan 150 mln dollarga baholanmoqda. Tomoshabinlar CinemaScore tizimida filmga A- baho qoʻygan. Muvaffaqiyatli start franshizaning mavqeini 2023 yilda chiqqan avvalgi prekvell — «Ilonlar va sayroqi qushlar balladasi»ning nisbatan kamtarona kassa natijalaridan keyin mustahkamladi.






