Shveytsariya Oʻzbekistonga Gulnara Karimova aktivlaridan yana $252,5 mln qaytaradi
Oʻzbekiston va Shveytsariya Gulnara Karimovaning musodara qilingan aktivlaridan yana $252,5 mlnni qaytarish boʻyicha kelishuv imzoladi. Mablagʻ sogʻliqni saqlash va taʼlimga yoʻnaltiriladi.

Bu haqda Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bildirdi. Hujjat taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichiga oid. Uni vazir oʻrinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveytsariya elchisi Simon Giger va BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl imzoladi.
Mablagʻlar Oʻzbekiston, Shveytsariya va BMT tuzgan «Ishonch-2030» trast jamgʻarmasi orqali yoʻnaltiriladi. Loyihalarda BMT va Jahon banki ishtirok etadi.
Sogʻliqni saqlashda bolalar va oʻsmirlarga yordamni yaxshilash, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolashni kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish koʻzda tutilgan.
Taʼlim mablagʻlari maktablar qurish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, oʻqituvchilarni oʻqitish va sifatli taʼlimga kirishni kengaytirishga sarflanadi.
Ustuvorlik qishloq hududlari va xizmatlardan foydalanishi cheklangan ijtimoiy zaif guruhlarga beriladi. Jamgʻarma mablagʻlardan maqsadli foydalanish, natijalarni baholash, korrupsiyaga qarshi choralar va fuqarolik jamiyatining mustaqil monitoringini taʼminlashi kerak.
Jamgʻarma Shveytsariyada Gulnara Karimova bilan bogʻliq ish boʻyicha musodara qilingan mablagʻlarni restitutsiya qilish doirasida Oʻzbekistonga qaytarilayotgan aktivlarni boshqarish uchun tuzilgan.






