Norvegiya va Buyuk Britaniya Ukrainaga patrul katerlarini topshiradi
Norvegiya va Buyuk Britaniya Ukrainaga Qora dengizdagi dengiz yoʻlagini himoya qilish uchun qiymati 1 mlrd norveg kronasi ($102,3 mln) boʻlgan ikkita tezkor patrul katerini topshirishni rejalashtirmoqda.

Ikki mamlakat bosh vazirlari bu haqda Berlinda “istak bildirganlar koalitsiyasi” bilan uchrashuvda maʼlum qildi. Katerlar Yevropa yetkazib beruvchilarining jihozlari, butlovchi qismlari va tizimlari bilan taʼminlanadi.
Norvegiya bosh vaziri Jonas Gar Støre soʻzlariga koʻra, hamkorlik Ukrainaning oʻzini, iqtisodiyoti va eksportini, jumladan, Qora dengiz orqali don yetkazib berishni himoya qilish salohiyatini mustahkamlashi kerak.
Norvegiya Ukrainaga yordamni Nansen dasturi orqali moliyalashtirmoqda. Mamlakat hukumati 2027-yil uchun fuqaroviy va harbiy koʻmakka 85 mlrd krona ($8,7 mlrd) ajratishni rejalashtirmoqda.






