Google kod yozish va agentlik vazifalari uchun Gemini 4 Neon modelini taqdim etdi
Model 1 mln tokenlik kontekst oynasi va mulohaza yuritish chuqurligining toʻrt darajasiga ega.

Neon koʻp bosqichli ishlar uchun moʻljallangan: u kontekstni tahlil qiladi, vositalardan foydalanadi va ketma-ket amallarni bajaradi. Model Gemini API va Google AI Studioʻda mavjud, shuningdek Googleʼning biznes foydalanuvchilari hamda pullik tariflariga obuna boʻlganlar orasida tarqatila boshlandi.
xhigh darajasida Gemini 4 Neon Artificial Analysis Intelligence Index reytingida uchinchi oʻrinni egalladi va hajmi kattaroq, ammo sekinroq modellardan ortda qoldi. Dasturlash boʻyicha testlarda Google koʻp faylli nosozliklarni tuzatish, refaktoring va uzoq davom etadigan agentlik ssenariylari bilan ishlashni ham oʻz ichiga olgan yetakchi natijalar qayd etilganini maʼlum qildi.
Narx kiruvchi tokenlarning bir millioni uchun $3, chiquvchi tokenlarning bir millioni uchun esa $15 etib belgilangan. Keshdagi tokenlar uchun bir million token narxi $0,15 ni tashkil etadi. Mulohaza yuritish darajalari natija sifati va tokenlar sarfi oʻrtasidagi muvozanatni tanlash imkonini beradi.
Neonʼning kiberxavfsizlik uchun alohida versiyasi zaifliklarni izlash, xatarlarni tekshirish va koddagi muammolarni tuzatishga moʻljallangan. Google uning xavfsiz kod generatsiyasi va zaifliklarni aniqlash boʻyicha testlardagi natijalari haqida maʼlum qildi. Ushbu versiyaga kirishni Fairwind dasturi orqali tekshirilgan mutaxassislarga taqdim etish rejalashtirilmoqda.






