Anthropic SpaceXdan oʻzib ketib, jahon tarixidagi eng yirik IPO rekordini oʻrnatdi
Anthropic tarixdagi eng yirik aksiyalarni birlamchi joylashtirish jarayonida 81,3 mlrd dollar jalb qildi. Kompaniya aksiyalari payshanba kuni Nasdaqʼda ANT tickeri ostida savdoga chiqariladi.

Kompaniya aksiyalarni joylashtirish narxini har bir aksiya uchun 83 dollar etib belgiladi va taxminan 1,5 trln dollarga baholandi. Bu Anthropicni qiymati boʻyicha dunyodagi 12-oʻrindagi kompaniyaga aylantirdi — u darhol Teslaʼdan keyin joylashdi.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, investorlar taklif qilinganidan olti baravar koʻp aksiya soʻragan. Yakunda Anthropic 980 mln dona aksiya joylashtirdi — bu rejalashtirilgan hajmdan koʻp. Aksiyalar narxi ham dastlabki diapazondan yuqori boʻldi.
Anthropic Claude brendi ostida sunʼiy intellekt modellarini ishlab chiqadi va asosan biznesga ulardan foydalanish imkoniyatini sotadi. Kompaniya hisoblash infratuzilmasiga katta mablagʻ sarflashda davom etmoqda; uning hujjatlarida tushumning tez oʻsishi, sof zarar va infratuzilma boʻyicha yirik majburiyatlar qayd etilgan.
IPO hajmi boʻyicha Anthropic SpaceXdan oʻzib ketdi. SpaceX iyun oyida 75 mlrd dollar jalb qilgan edi. Keyinchalik qoʻshimcha aksiyalar sotilgach, SpaceXning joylashtirish summasi oshdi. Eng yirik IPOlar qatorida SK Hynix, Saudi Aramco, Alibaba va SoftBank aksiyalarining joylashtirilishi ham bor.






