Kannavaro Rossiyaga qarshi 2:3 hisobidan soʻng: «Biz gʻalabaga juda erta ishondik, aslida esa 98 daqiqa oʻynash kerak»
Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyadan uchralgan magʻlubiyatdan (2:3) soʻng jamoasining oʻyiniga baho berdi.

Italiyalik mutaxassis shogirdlari uchrashuvni munosib oʻtkazgan deb hisoblaydi. Uning fikricha, jamoa gʻalabaga muddatidan oldin ishongani uchun yutqazgan.
«Bugun yaxshi oʻynadik. Muammo shundaki, oʻyin tugashidan oldinroq gʻalaba haqida oʻylay boshladik. Bu biz uchun yaxshi saboq: final hushtagi yangramaguncha, uchrashuv tugamaydi. Barcha 95–98 daqiqa davomida diqqatni jamlash kerak. Baʼzida futbol juda yomon boʻladi», — dedi Kannavaro.
Murabbiy jamoa taktikasini ham tushuntirdi. Uning fikricha, yuqori pressing xavf bilan bogʻliq, chunki himoyachilar birga-bir oʻynashiga toʻgʻri keladi. Shu bois terma jamoa baʼzan himoya chizigʻini yuqoriga koʻtaradi.
Shuningdek, Kannavarodan Italiya terma jamoasi sardori boʻlishmi yoki murabbiylik qilishmi — qaysi biri qiyinroq ekani soʻraldi. U ikkilanmasdan murabbiylikni tanladi. «Albatta, murabbiy boʻlish. Sen jamoaga bogʻliq boʻlasan. Koʻplab narsalarni kuzatib borishga toʻgʻri keladi, ammo oxir-oqibat hammasini futbolchilarning qanday oʻynashi hal qiladi», — deya javob berdi u.






