Robert Pattinson yangi Jeyms Bond rolini ijro etadi
Amazon MGM Studios Robert Pattinson franshizaning navbatdagi filmida Jeyms Bond rolini ijro etishini tasdiqladi. Film rejissyori Deni Vilnyov boʻladi.

Studiya, shuningdek, Pattinsonning maxfiy agent rolidagi ilk koʻrinishini namoyish etdi. U 2021-yil oxirida «Oʻlishga vaqt yoʻq» filmi chiqqanidan soʻng Bond obrazidagi chiqishlarini yakunlagan Deniel Kreygning oʻrnini egallaydi.
Amazon mart oyida fransizani nazoratiga oldi, may oyida esa 007 roliga yangi ijrochini izlash allaqachon boshlanganini tasdiqladi. Soʻnggi haftalarda daʼvogarlar orasida Jeykob Elordi, Jek Louden, Kallum Terner, Josh OʻKonnor va Nikolas Xolt borligi haqida xabarlar tarqaldi.
Yangi film josuslar haqidagi turkumning 26-qismi boʻladi. Ssenariyni «Oʻtkir tumshuqlar» seriali yaratuvchisi Stiven Nayt yozadi. Prodyuser Emi Paskal avvalroq Amazon MGM Studios aktyor tanlovini «juda, juda puxta» oʻtkazganini, chunki Kreygning oʻrnini bosish qiyinligini aytgandi.
Vilnyov Bond rolida Pattinsonni kutib olishdan xursand ekanini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, aktyor «007ning zamonlarga daxlsiz ruhi»ni qahramon uchun yangicha ruh bilan uygʻunlashtiradi.






