RUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 27-noyabr 2026-yil
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Sport

Oʻzbekiston shaxmatchilari BAAda yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bir oltin va ikki kumush medalni qoʻlga kiritdi

Oʻzbekiston terma jamoasi rapid va blits boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida uchta medalni qoʻlga kiritdi. Turnir 2–6 noyabr kunlari BAAning Al-Ayn shahrida boʻlib oʻtdi.

8-noyabr, 14:53

Rapid bahslarida oltin medalni 16 yoshli grossmeyster Humoyun Begmuratov qoʻlga kiritdi. U birorta ham partiyada magʻlub boʻlmay, 9 imkoniyatdan 7,5 ochko jamgʻardi. Uning qora donalarda sakkizinchi turda saralashda birinchi raqam bilan qatnashgan hindistonlik Pranav Venkatesh ustidan qozongan gʻalabasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Venkatesh va ozarbayjonlik Raad Samadov yarim ochkoga ortda qolib, mos ravishda kumush va bronza medallarni oldi.

Qizlar oʻrtasidagi rapid bahslarida Umida Omonova kumush medalni qoʻlga kiritdi. Yetti turdan keyin uning hisobida 7 imkoniyatdan 6,5 ochko bor edi, biroq soʻnggi ikki partiyada u Niderlandiyadan Elina Rubers va Afruza Hamdamovaga yutqazdi. Omonova qoʻshimcha koʻrsatkichlar evaziga ikkinchi oʻrinni saqlab qoldi. Chempionlikni Rubers qoʻlga kiritdi.

Uchinchi medalni 17 yoshli Afruza Hamdamova keltirdi. U qizlar oʻrtasidagi blits bahslarida 13 imkoniyatdan 9,5 ochko jamgʻarib, kumush medalni oldi va Buchholz koeffitsiyenti boʻyicha rossiyalik Veronika Yudinadan oʻzib ketdi. Oltin medal Rossiyadan Valeriya Kleymenovaga nasib etdi — uning hisobida 10 ochko bor. Hamdamova klassik shaxmat boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida ikki marta gʻolib chiqqan, aprel oyida esa 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida rapid boʻyicha jahon chempioni boʻlgan.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media