AI bilan bogʻliq kompaniyalar aksiyalari Applied Digitalʼning milliardlab dollarlik bitimidan keyin keskin oshdi
AQShning Applied Digital kompaniyasi aksiyalari nomi oshkor etilmagan yirik bulutli hisoblash operatori bilan $5,4 mlrdlik uzoq muddatli kelishuv tuzilganidan keyin 26 foizga qimmatlashdi. Sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish haqidagi yangiliklar fonida ushbu sektordagi boshqa kompaniyalar kotirovkalari ham koʻtarildi.

Applied Digital maʼlumotlarni qayta ishlash markazi quvvatlarini 18 yil muddatga ijaraga olish boʻyicha shartnoma imzoladi. Yirik bulutli xizmatlar operatori 150 MVt hajmidagi hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Shartnomaning bazaviy qiymati $5,4 mlrdni tashkil etadi, uzaytirish boʻyicha barcha opsiyalardan foydalanilganda esa 33 yilgacha boʻlgan muddat uchun bu summa $12,7 mlrdga yetishi mumkin. Quvvatlarni topshirish 2028 yilning birinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda.
Bu xabar AI infratuzilmasini rivojlantirayotgan boshqa kompaniyalar aksiyalarini ham qoʻllab-quvvatladi. Cipher Digital aksiyalari 19 foizga, TeraWulf aksiyalari 15 foizga, Core Scientific aksiyalari esa 14 foizga oshdi. IREN aksiyalari bundan ham koʻproq — 28 foizga qimmatlashdi.
Oʻsishga qoʻshimcha turtki Jensen Huangning NVIDIA bosh direktori lavozimiga qaytishi haqidagi xabar boʻldi. Shu fonda kompaniya aksiyalari 27 foizga oshdi.
Investorlarda sektorga qiziqish maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari va sunʼiy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga talab ortib borayotgani fonida kuchaydi. Biroq soha kompaniyalari katta qarz yukiga duch kelmoqda, aksiyalarining keyingi dinamikasi esa keng koʻlamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va ularni moliyalashtirishni taʼminlash imkoniyatiga bogʻliq boʻladi.






