Bred Pitt va Anjelina Joli ayrilganidan 10 yil oʻtib nizoni hal qilishdi
Bred Pitt va Anjelina Joli Château Miraval boʻyicha nizoni suddan tashqari tartibda hal qilishdi. Ularning vakillari qaror oila manfaatlarini koʻzlab qabul qilinganini bildirishdi, biroq kelishuv tafsilotlarini oshkor qilishmadi, deb yozadi Hello! Magazine.

Nizo Joli Fransiyadagi vinochilik xoʻjaligidagi ulushini Stoli Group tarkibidagi Tenute del Mondo kompaniyasiga sotganidan keyin yuzaga kelgan. Pitt 2022 yilda daʼvo arizasi berib, sobiq er-xotin ulushlarini bir-birining roziligisiz sotmaslikka kelishib olganini taʼkidlagan. Joli esa uning roziligini olish zarurligiga eʼtiroz bildirgan.
Juftlik 2008 yilda Fransiyaning janubida joylashgan, maydoni 1 200 akr boʻlgan mulkni sotib olgan. 2014 yil avgustida ularning toʻyi ham shu yerda boʻlib oʻtgan. Kelishuv tuzilgach, Pitt va Jolining bir-biriga nisbatan daʼvolari hal qilindi, biroq Pittning biznesmen Yuriy Shefler va uning kompaniyasiga qarshi alohida daʼvosi davom etmoqda.
Sud jarayoni davomida Joli advokatlari uning ulushini Pittga sotish boʻyicha muzokaralar maʼlumotlarni oshkor qilmaslik haqidagi kelishuv loyihasi sababli barbod boʻlganini taʼkidlagan. Ularning aytishicha, hujjat Jolining zoʻravonlik haqidagi ayblovlar toʻgʻrisida omma oldida gapirish imkoniyatini cheklashi mumkin edi. Joli, shuningdek, Pitt 2016 yil sentabrida shaxsiy parvoz vaqtida unga va farzandlariga nisbatan jismoniy hamda ogʻzaki zoʻravonlik ishlatganini bildirgan. Pitt bu ayblovlarni rad etgan. Rasmiylar hodisani tergov qilgan, biroq unga nisbatan jinoiy ayblovlar ilgari surilmagan. Juftlikning ajrimi 2024 yil dekabrida rasmiylashtirilgan, vinochilik xoʻjaligi boʻyicha nizo esa alohida davom etgan.






