Oʻn yil ichida Oʻzbekiston fuqaroligini 91 mingdan ortiq kishi oldi
Taqqoslash uchun, 1992–2016-yillar oraligʻida mamlakat fuqaroligini atigi 482 kishi olgan. Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov maʼlum qildi.
18-noyabr, 13:51

Uning soʻzlariga koʻra, fuqaroligi boʻlmaganlikka qarshi kurash «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Bu boradagi muhim qadam 2020-yilda «Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilingani boʻldi.
2021-yildan buyon Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz fuqaroligi boʻlmaganlar sonini kamaytirish va bu muammoni bartaraf etishga qaratilgan BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan 21 ta qoʻshma tadbir oʻtkazdi.






