Oʻzbekistonda yaylovlardan ekoturizm va asalarichilik uchun foydalanish taklif qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish qoidalarini oʻzgartiruvchi hujjatni maʼqulladi.

«Yaylovlar toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi yerlarni muhofaza qilishning raqamli mexanizmlari va ularning degradatsiyasini qisqartirish choralarini nazarda tutadi. Shu bilan birga, yaylovlarni iqtisodiy aktiv sifatida koʻrib chiqish va ulardan jamoat yaylovlarini tashkil etish uchun foydalanish taklif qilinmoqda.
Oʻzbekistondagi yaylovlarning umumiy maydoni 21,2 mln gektarni tashkil etadi. Shundan 16,3 mln gektari Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tasarrufidagi hududiy yaylov xoʻjaliklariga qarashli, 3 mln gektari oʻrmon fondiga kiradi, 1 mln gektardan ortigʻi esa tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan. Yana 890 ming gektardan fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va boshqa tashkilotlar foydalanadi.
Hujjat chorvachilikdan tashqari yaylov hududlarida ekoturizm, asalarichilik va dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Jamoat yaylovlari instituti yerlardan mahalliy aholi foydalanishini tartibga solishi va chorva mollarini boqish uchun sharoit yaratishi kerak.
Foydalanilmayotgan yaylovlarni elektron auksionlar, investitsiya kelishuvlari va davlat-xususiy sheriklik orqali iqtisodiy muomalaga kiritish rejalashtirilmoqda. Aholi va biznes uchun yerlarni foydalanishga berishni ijara shartnomalari va bilet mexanizmi yordamida soddalashtirishmoqchi.






