Tramp AQSh uchun Nvidia kompaniyasidagi ulushni sotib olishga hali ehtimol kech emasligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika hukumati Nvidia kompaniyasidagi ulushni sotib olish masalasini koʻrib chiqqanini, biroq hozircha bu taklifni ilgari surmaganini aytdi.

Tramp chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidagi ulushni sotib olish gʻoyasi uning xayoliga kelganini aytib, «Ehtimol, hali kech emas», deya qoʻshimcha qildi. Mumkin boʻlgan investitsiya miqdori va uning shartlarini u maʼlum qilmadi.
Bu bayonot Jensen Huang Nvidia bosh direktori lavozimiga qaytganidan keyin yangradi. Tramp bu qarorni qoʻllab-quvvatlaganini va kompaniya direktorlar kengashi bilan shaxsan gaplashganini aytmoqda. Huang dushanba kuni, lavozimidan ketganidan ikki haftaga ham yetmagan vaqt oʻtib, kompaniya rahbariyatiga qaytdi.
Nvidiaʼga sarmoya kiritish gʻoyasi AQSh maʼmuriyatining texnologik va strategik sohalardagi boshqa qadamlariga oʻxshaydi. 2025-yil avgustida hukumat Intel kompaniyasiga $8,9 mlrd investitsiya kiritish boʻyicha kelishib, uning aksiyalarining qariyb 10 foizini oldi. Shuningdek, rasmiylar Yaponiyaning Nippon Steel kompaniyasi tomonidan US Steelʼni sotib olishiga rozilik berilganda US Steelʼda «oltin aksiya»ga ega boʻldi, MP Materials, Lithium Americas va Trilogy Metals kompaniyalariga sarmoya kiritdi hamda Westinghouse bilan strategik hamkorlik tuzdi.






