Antarktidada qariyb 1,5 mln yil yoshdagi eng qadimgi muzni qazib olishga urinib koʻriladi
Rossiyalik olimlar Antarktidada quduq burgʻilab, qariyb 1,5 mln yil yoshdagi muz namunalarini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti (AANI) direktori Aleksandr Makarov maʼlum qildi.

Ishlar 72-Rossiya Antarktika ekspeditsiyasi doirasida, Vostok stansiyasidan taxminan 300 km uzoqlikda olib boriladi. Dastlabki bosqichda tadqiqotchilar chuqurligi 100 metrgacha boʻlgan quduq burgʻilashni rejalashtirmoqda. Namunalar B gumbazida kelgusida yanada chuqurroq burgʻilash uchun joy tanlashga yordam berishi kerak.
Makarovning aytishicha, avval Vostok stansiyasida bir million yildan ham qadimgi muz kernlari olingan. Biroq qatlamlar buzilgani sababli ular iqlim rekonstruksiyalari uchun toʻliq mos kelmaydi: taxminan 420–450 ming yil avvalgi davrga oid qatlamlar darajasida muz tarkibidagi signal buziladi.
Olimlar uzluksiz saqlangan yanada qadimgi qatlamlarni oʻrganmoqchi. Chunki hozir atmosferadagi karbonat angidrid konsentratsiyasi avvalgi 800 ming yil — 1 mln yil davomida qayd etilgan koʻrsatkichlardan sezilarli darajada yuqori. Kutilishicha, bunday maʼlumotlar sayyora tarixidan iqlimi hozirgi iliq davrga oʻxshash boʻlgan davrni topish va iqlimdagi ehtimoliy oʻzgarishlarni oʻrganishga yordam beradi.
Ekspeditsiya dasturi jami tabiiy muhit, okean, muz, geofizika, geologiya, mikrobiologiya hamda insonning ekstremal sharoitlarga moslashuvi boʻyicha tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi. «Akademik Fyodorov» kemasi bortidan suv massalarining harakati, iliq chuqur suvlarning tarqalishi va okeanning atmosfera hamda dengiz muzi bilan oʻzaro taʼsiri ham oʻrganilishi rejalashtirilgan.






