General Motors bosh direktori Meri Barrani almashtirishga tayyorlanmoqda
General Motors bosh direktori Meri Barrani almashtiradigan nomzodlarni izlash uchun tashqi kompaniyani yolladi, biroq uning lavozimdan ketish muddati eʼlon qilinmagan.

Wall Street Journal maʼlumotlariga koʻra, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya 2014-yildan beri General Motorsʼga rahbarlik qilib kelayotgan Barraning vorisini koʻrib chiqmoqda. Kompaniya hozircha uning lavozimni qachon tark etishi mumkinligi haqida rasman maʼlum qilgani yoʻq.
Barra General Motors tarixida lavozimida eng uzoq qolgan rahbarlar orasida ikkinchi oʻrinda turadi va global avtomobil ishlab chiqaruvchisiga rahbarlik qilgan birinchi ayoldir. U kompaniyani 12 yil davomida boshqarib kelmoqda — bu S&P 500 indeksidagi kompaniyalar bosh direktorlarining oʻrtacha faoliyat muddatidan qariyb ikki baravar koʻp.
Tashqi nomzodlarni izlash General Motorsʼda koʻp yillardan beri rahbarlarni oʻz xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti mavjud boʻlgan bir paytda kechmoqda. Ehtimoliy nomzodlar qatorida moliya direktori Pol Djekobson, mahsulot yoʻnalishi rahbari Sterling Anderson hamda kompaniyada 40 yil ishlagan va bir necha yil Barraning oʻrinbosari boʻlgan Mark Royss tilga olinmoqda.
Barra General Motorsʼga kompaniya 2009-yildagi bankrotlikdan keyin hali tiklanayotgan paytda rahbar boʻlgan. Uning rahbarligi davrida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya oʻn yil avvalgi davrga nisbatan avtomobillar savdosini qisqartirdi, biroq pikaplar va boshqa yuk avtomobillari kabi marjasi yuqoriroq modellar hisobiga foydasini oshirdi. Barra sentyabr oyida Fortune nashriga kompaniya rivojiga hali ham hissa qoʻsha olishini aytgan.






